QARO'ZBРУСENG

Dasturlash bo‘yicha olimpiada

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturini hayotga tadbiq etish borasida katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi ijrosini joylarda sifatli ta’minlashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida doimiy ravishda intellektual musobaqalar o‘tkazilib kelinmoqda. Haftaning har juma kunlari talabalar uchun onlayn musobaqalar o‘tkazilib kelinadi.

2017 yilning 25-26 fevral kunlari TATU, uning hududiy filiallari (Urganch filiali, Nukus filiali, Qarshi filiali, Samarqand va Farg‘ona filiali) hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari o‘rtasida dasturlash bo‘yicha olimpiadaning final bosqichi TATUda bo‘lib o‘tdi. Bu musobaqa ikki bosqichda tashkil etildi. Saralash bosqichi 2017 yilning 11 fevral kuni onlayn ravishda TATU, uning hududiy filiallari va Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tdi. Saralash bosqichida 150 ta jamoa ishtirok etdi. Ma’lumki, har jamoa uch kishidan iborat. Bu saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 18 ta jamoa musobaqaning final bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Musobaqaning final bosqichida jamoalar uchun sakkizta masala va uni ishlash uchun 5 soat vaqt berildi.

Musobaqaning taqdirlash marosimida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Teshabayev To‘lqin Zakirovich, TATU O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Agzamov Fayzulla Saydakbarovich, TATU moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha prorektori Sindarov Sherzod Egamberdiyevich, Toshkent shahridagi INHA universiteti o‘qituvchisi J.Raimbekov, TATU “Informatika asoslari” kafedrasi mudiri Sh.Sadullayeva va ishtirokchi jamoa a’zolari qatnashdilar. Tadbirda TATU rektori T.Teshabayev so‘zga chiqdi hamda musobaqa muvafaqiyatli yakunlangani bilan ishtirokchilarni muborakbod etdilar.

Musobaqa natijalariga ko‘ra birinchi o‘rinni TATU urganch filialining “TUIT Urgench Branch #1” jamoasi (Aminov Shavkat, Iskandarov Islom, Ibadullayev Qudrat va jamoa murabbiysi Yusupov Ozodbek), ikkinchi o‘rinni TATUning “Tashkent U of IT 1” jamoasi (Abdukarimov Sirojiddin, Ismoilov Isfandiyor, Islomov Nodirbek va jamoa murabbiysi Maxmudov Anvarjon) va uchinchi o‘rinni TATU urganch filialining “TUIT Urgench Branch #2” jamoasi (Rahimov Muhammad, Jumaboyev Davlatmurod, Davronov Murodjon va jamoa murabbiysi Allamov Oybek) qo‘lga kiritdilar.

Olimpiadaning II final bosqichi g‘oliblari birinchi bor pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Shu jumladan,

  • birinchi o‘rinni egallagan jamoaga 1 500 000 so‘m;
  • ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga 900 000 so‘m;
  • uchinchi o‘rinni egallagan jamoasi 600 000 so‘m miqdoridagi naqd pul mukofotlari bilan moddiy rag‘batlantirildi.

Musobaqa bo‘yicha batafsil ma’lumotni acm.tuit.uz saytidan olish mumkin.

Albatta bu musobaqalar yoshlarimizning intellektual salohiyatini rivojlantirishda, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini oshirishda, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ijodiy va ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun munosib hissa qo‘shadi.

Albatta bu musobaqalar yoshlarimizni kelajakda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shadilar. Eng muhimi esa musobaqa ishtirokchilari Harakatlar strategiyasida keltirilgan dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishib chiqadilar.

Bu musobaqalarni kelgusida butun Respublika Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bu dasturlash bo‘yicha musobaqalarni Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan yoshlarning intellektual va ma’naviy ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish maqsadida amalga oshirilayotgan festivallarga kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.


Tayyorladi:  O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va "elektron hukumat" tizimi asoslari" kafedrasi mudiri Qurbon Rahmonov

TATU "Informatika asoslari" kafedrasi assistenti Anvarjon Maxmudov