QARO'ZBРУСENG

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT GERBI

"O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida"gi Qonun 1992 yil 2 iyulda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.

O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda so'l tomonida bug'doy boshoqlari, o'ng tomonida ochilgan paxta chanoqlari suvrati tushirilgan chambardan iborat.

Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlug' ramzidir.

Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli bo'lgan afsonaviy Xumo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo'lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.

Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog'ini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga "O'zbekiston” deb yozib qo'yilgan.