Oliy ta'lim muassasalariga ko'zi ojiz abiturientlarni o'qishga qabul qilish tartibi
Ko'zi ojizlar toifasiga quyidagi abiturientlar kiradi:
- imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko'zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar;
- 9 yillik ko'zi ojizlar maxsus maktab internatida o'qigan va 3 yillik o'rta maxsus, kasb hunar ta'lim muassasasi diplomiga ega bo'lgan shaxslar;
- umumiy o'rta ta'lim (11-sinf negizida) hujjati yoki akademik lisey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo'lgan ko'zi bo'yicha 1-guruh nogironligi to'g'risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma'lumotnomasiga ega bo'lgan shaxslar.
Ko'zi ojiz abiturientlar oliy ta'lim muassasalariga kirish chog'larida kirish imtihonlarini ta'lim yo'nalishlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi (keyingi o'rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari uchun belgilangan fanlar majmuasiga mos keluvchi ko'p balli yoki ularga keltirilgan besh balli baholash tizimi bo'yicha, an'anaviy uslubda topshiradilar.
Fanlar bo'yicha kirish imtihonlarini o'tkazish shakli (yozma yoki og'zaki) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Ko'zi ojiz abiturientlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan maxsus mas'ul xodim ajratiladi.
Oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi kirish imtihonlarini o'tkazish uchun fanlar bo'yicha komissiyalarni tashkil etadi.
Fan bo'yicha kirish imtihonlarining dasturlari umumiy o'rta ta'lim, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi umumta'lim fanlari dasturlariga to'la muvofiq holda tuziladi va Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tayanch oliy ta'lim muassasalari tomonidan tasdiqlanadi.
Kirish imtihonlarini o'tkazuvchi komissiya tarkibiga ko'zi ojizlar yoki nogironlar jamiyatining vakili kiradi.
Oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari ko'zi ojiz abiturientlar uchun kirish imtihonlari fanlari bo'yicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadilar.
Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan (ko'p balli tizimda baholanganda—maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball olgan, besh balli baholash tizimida baholanganda — «3», «4» yoki «5» baho olgan) abiturientlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan o'rinlarga davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
Asos:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 20.06.2017 yildagi 393-son, 3-ilova